Bu yil O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,9 foizga o‘sadi — Jahon banki

Jahon banki (JB) tahlilchilarining prognoziga ko‘ra, joriy yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti 5,9 foizga o‘sadi. 2026-yilda mamlakat yalpi ichki mahsuloti (YaIM) ham 5,9 foizga oshishi kutilmoqda.
2027-yilda esa O‘zbekiston YaIM o‘sishi 5,8 foiz bo‘lishi taxmin qilinmoqda.
JB mutaxassislari, shuningdek, 2025-yilda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiyoti 2,4 foizgacha sekinlashishini taxmin qilmoqda. Ammo 2026–2027-yillarda mintaqaviy YaIM 2,6 foizgacha o‘sadi, deya ta’kidlangan prognozda.
Moliyaviy institut mutaxassislari 2025-yilda jahon iqtisodiyoti 2,3 foizgacha sekinlashishini ham prognoz qilmoqda. Bu holatga savdo mojarolarining kuchayishi va siyosiy muammolar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Hodisa va inqirozlar barcha mintaqalarda global iqtisodiy o‘sish prognozlarining deyarli 70 foiziga salbiy ta’sir ko‘rsatdi», — deyiladi Jahon banki xulosasida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekiston Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025-yilning birinchi yarmida mamlakat YaIM 6,7 foizga o‘sishini taxmin qilgani haqida xabar bergan edi.