ACWA Power O‘zbekistonda 5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshiradi

eʼlon qilindi
Foto: MIIT

Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumining ikkinchi kunida «Shariatga muvofiq moliyaviy vositalar orqali KO‘B subyektlarini moliyalashtirish: O‘sishni jadallashtirish yo‘lida» mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda kichik va o‘rta biznesni halol, axloqiy va innovatsion moliyaviy mexanizmlar orqali qo‘llab-quvvatlash masalasi keng muhokama qilindi.

Mazkur sessiyaga O‘zbekiston Islomiy moliya assotsiatsiyasi Kengashi raisi Bahrom Numanov raislik qildi. Unda SEAF tomonidan boshqarilayotgan, Islom taraqqiyot banki guruhi, Saudiya Taraqqiyot jamg‘armasi va O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan 100 million dollarlik «O‘zbekiston Iqtisodiy Imkoniyatlarni Kengaytirish Jamg‘armasi» (EEFU) platformasi taqdim etildi.

SEAF boshqaruvchi direktori, GIC (Global Investitsiya Qo‘mitasi) a’zosi Jan Cherim kichik va o‘rta biznes har bir iqtisodiyotining asosi ekanini aytib, ish o‘rinlarini yaratish, yangi g‘oyalar va innovatsiyalar aynan kichikroq hajmdagi tadbirkorlardan chiqishini ta’kidladi.

Ali Xon, Islom taraqqiyot banki vakili sifatida, ajratilayotgan mablag‘larning ahamiyati haqida gapirdi:

«Iqtisodiy imkoniyatlar haqida gapiradigan bo‘lsak, buning o‘zi moliyaviy qamrovdan ancha kattaroq hisoblanadi. Iqtisodiy imkoniyatlar dasturining muvaffaqiyatini ta’minlovchi bir qancha muhim jihatlar bor. Bunda faqat iqtisodiy rivojlanish emas, xususiy sektorning foyda ko‘rishi ham muhimdir», – deydi u.

U, shuningdek, infratuzilmaning mavjudligi va bozorlarga kirish imkoniyati muhimligini alohida qayd etdi:

«Tarjibamizdan ma’lumki, ko‘plab davlatlarda ajratilgan mablag‘larning aksariyati qishloq joylariga yo‘naltiriladi. U yerda esa ko‘pchilikda mahsulotini kimgadir sotish uchun imkoniyat va hamkorlar bo‘lmaydi. Qulay qo‘llab-quvvatlovchi infratuzilma va bozorga kirish imkoniyatini yaratish ham juda muhim. Agarda bozorda erkin harakat yo‘lga qo‘yiladigan bo‘lsa, tadbirkorlardan bundan foyda oladi va xususiy investitsiya ham kirib keladi», – deydi Islom Taraqqiyot Banki vakili. 

Soumendra Rout, ACWA Power kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari, kompaniya mamlakatda 5 milliard dollar sarmoya bilan 19 ta loyiha amalga oshirayotganini ma’lum qildi. U shunday dedi:

«Biz bu bilan to‘xtab qolmoqchi emasmiz. Maqsadimiz investitsiya hajmini oshirish hisoblanadi. Bu safargi Toshkent Xalqaro Investitsiya Forumida ham hukumat bilan yana 5 milliard dollarlik shartnoma imzolashni rejalashtirganmiz», deya ta’kidladi Soumendra Rout.

Uning aytishicha, shariatga muvofiq moliya vositalari kichik va o‘rta biznes uchun an’anaviy moliyadan ham samaraliroq bo‘lishi mumkin.

Sessiya yakunida ishtirokchilar shariatga asoslangan moliyalashtirishning investitsion jozibadorligi, biznesni barqaror qo‘llab-quvvatlashdagi ustunliklari va ushbu modelning O‘zbekistonda keng joriy etilishi istiqbollari haqida fikr almashdilar.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda «Yashil» energetikaga $4 mlrd investitsiya jalb qilinishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek