ChatGPT’ga hech qachon yuborilishi kerak bo‘lmagan beshta ma’lumot

eʼlon qilindi
OpenAI qanday xabarlarni yubormaslik kerakligi haqida xabar joyladi
ChatGPT’ga hech qachon yuborilishi kerak bo‘lmagan beshta ma’lumot. Foto: depositphotos.com

So‘nggi yillarda odamlar orasida ChatGPT kabi sun’iy intellekt chatbotlaridan foydalanish keng tarqaldi. Ammo ba’zilar bu kabi chatbotlarga qanday ma’lumot yuborish mumkin yoki mumkin emasligini bilishmaydi. Xavfsizlik yuzasidan OpenAI qanday xabarlarni yubormaslik kerakligi bo‘yicha tavsiya berdi.

1. Shaxsiy ma’lumotlar

Shaxsiy ma’lumotlarga quyidagilar kiradi:

  • Jismoniy shaxs identifikatsion raqami (JShShIR);
  • Pasport ma’lumotlari;
  • Haydovchilik guvohnomasi;
  • Telefon raqami;
  • Yashash manzili;

Ushbu ma’lumotlarning chatbot xotirasida saqlanishi sizning nafaqat internetdagi, balki real hayotingizdagi xavfsizligingizga tahdid solishi mumkin.

«Biz sun’iy intellekt modellarimiz odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini emas, balki umumiy dunyoni anglab olishini istaymiz», – deydi OpenAI rasmiysi.

Chatbot sizdan so‘ralgan barcha ma’lumotni eslab qolishi mumkin. Agar siz yozgan yoki so‘ragan ma’lumotlar tizimda saqlanmasligini istasangiz, sayt yoki ilova sozlamalari orqali chatbotning xotirasini o‘chirib qo‘yishingiz mumkin.

ChatGPT’dagi xotirani o‘chiruvchi sozlama. Foto: ChatGPT

2. Tibbiyot ma’lumotlari

Ijtimoiy tarmoqlarda tibbiy hujjatni chatbotga yuborib, tashxis yoki davo bo‘yicha maslahat olish mumkinligi haqida ko‘plab xabarlar tarqalgan. Ammo chatbotlar shifokor emas. Shuning uchun ularga tibbiy tahlillarni yuborish tavsiya etilmaydi. Agar tashxislarni tahlil qilishni istasangiz, shaxsiy ma’lumotlar yashirilgan yoki olib tashlangan bo‘lishi kerak.

3. Login va parollar

Ayrim sun’iy intellekt tizimlari ma’lum amallarni bajara oladigan bo‘lsa-da, chatbotlar faqat ma’lumot olish uchun xizmat qiladi. Shuning uchun login yoki parollaringizni chatbotga yozmang, bu xavfsizlikka tahdid soladi.

4. Korporativ (ish bilan bog‘liq) ma’lumotlar

Sun’iy intellektdan yordam olay deb, ehtiyotsizlik bilan kompaniyangizga oid ichki ma’lumotlarni chatbotga yuborib qo‘yishingiz mumkin. Masalan, Samsung kompaniyasi xodimi ChatGPT’ga kompaniya sirlarini yuborganidan so‘ng, kompaniya butunlay chatbotlardan foydalanishni taqiqlagan. Bunday holatda korporativ versiyalardan foydalanish tavsiya etiladi.

5. Moliyaviy hisoblar

Moliyaviy tahlil qildirish uchun bank hisob raqamini yuborish xavfli. Agar hisob raqamingiz sizning roziligingizsiz tarqalib ketsa, sizning moliyaviy ma’lumotlaringiz firibgarlar qo‘liga tushib qolishi mumkin.

OpenAI ham xavfsizlik yuzasidan bunday ma’lumotlarni chatbotga kiritmaslikni tavsiya qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenAI Google bulutli xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgandi.

Shuningdek