Chery Chevrolet Damas narxidagi elektromobilini taqdim etdi

11-iyun 2025 16:19 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chery QQ Domi elektromobili taqdim etildi / Foto: CarNewsChina

Yangi Chery QQ Domi elektromobili taqdim etildi. QQ Domi Xitoyda $8 300 dan boshlab sotuvga chiqdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Chery QQ Domi – 5 eshikli, 5 o‘rinli elektromobil bo‘lib, ikki xil modelda taqdim etildi. Arzonroq modeli 305 km, kuchlirog‘i esa 405 km masofani bosib o‘ta oladi.

Foto: CarNewsChina

Ularning narxlari mos ravishda 59 900 va 69 900 yuan, ya’ni $8 300 va $9 700 ga teng.  Bu qiymatdagi pulga O‘zbekistonda Chevrolet Damas xarid qilish mumkin. Uning narxi 93 mln so‘mni tashkil etadi (Chery kompaniyasining yangi modeli mahalliy bozorga kirib kelganida bojxona va qo‘shimcha to‘lovlar evaziga qimmatroq bo‘lishi mumkin). Avtomobilning o‘lchamlari: uzunligi 3720 mm, eni 1700 mm, bo‘yi 1608 mm. G‘ildiraklar orasidagi masofa 2520 mm.

Dizayni zamonaviy: LED chiroqlar, yashirin eshik tutqichlari, qora C-ustun tufayli «suzib turgan tom» ko‘rinishi mavjud. Ranglar orasida oq, ko‘k, kumushrang va pushti bor.

Foto: CarNewsChina

Ichki qismi ixcham va qulay: 7 dyuymli raqamli panel, 10,25 dyuymli sensorli ekran, ovozli boshqaruv, masofadan sozlash funksiyasi, bukiluvchi orqa o‘rindiqlar va rulga o‘rnatilgan uzatmalar tutqichi mavjud.

Barcha modellar 40 kVt quvvatga ega motor bilan jihozlangan. U 110 Nm burilish kuchi beradi va soatiga 100 km tezlikka chiqadi.

Foto: CarNewsChina

Batareyasi ikkita variantda: 28,5 kVt-soat (305 km) va 39,33 kVt-soat (405 km). Tez zaryadlash funksiyasi mavjud: 30 dan 80 foizgacha 30 daqiqada to‘lishi mumkin. 405 kmli modelda tashqi qurilmalarni quvvatlantirish funksiyasi ham bor.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery kompaniyasi Tiggo 9 Black Warrior Edition modelini sotuvga chiqargani haqida yozgan edi. Yangi avtomobil Kunpeng Power 2.0TGDI dvigateli bilan jihozlangan. Dvigatelning maksimal quvvati 192 kVt, maksimal aylanish momenti esa 400 N·mni tashkil etadi.

Shuningdek