Chet eldan O‘zbekistonga kelayotganlar OIV bo‘yicha majburiy tekshiruvdan o‘tishi mumkin

Endi 3 oydan ortiq chet elda bo‘lib qaytgan fuqarolar hamda mehnat faoliyati uchun O‘zbekistonga kelayotgan xorijliklar OIV infeksiyasi bo‘yicha majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasida ko‘zda tutilgan.
Xususan, 90 kundan ortiq vaqt davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 – 60 yosh oralig‘idagi fuqarolar, doimiy yashovchi chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat maqsadida O‘zbekistonga kelayotgan xorijliklar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi lozim.
Bunda O‘zbekiston fuqarolari va doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tibbiy ko‘rikdan Davlat budjeti hisobidan o‘tadi. Xorijliklar va chet ellik ishchilar esa bu xarajatni o‘zlari, ish beruvchilari yoki qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa manbalar orqali qoplaydi.
Mazkur qonun loyihasi hali qabul qilinmadi. Yig‘ilishda so‘ngida qonun loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan taklif-tavsiyalar berilib, loyiha qo‘llab-quvvatlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaga kirishda migrantlardan OIV infeksiyasi yo‘qligi haqida guvohnoma talab qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.