Endi Beeline kunlik to‘lovni avtomatik yechib olmasligi mumkin

Raqobat qo‘mitasi Beeline kompaniyasiga oylik va kunlik abonent to‘lovi yechish shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlarning 8,2 foizi va joriy yilning dastlabki 4 oyida 8,9 foizi telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq.
Shikoyatlarning katta qismi Beeline xizmatlariga taalluqli bo‘lib, tarif narxlari oshishi, qo‘shimcha xizmatlar va pullik kontentga avtomatik ulanish, hisob-kitobdagi xatoliklar va xizmat sifati va boshqa masalalardan iborat.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, «Yana», «Hammasi ZO‘R», «Multi Kuch» kabi tariflarda quyidagi muammolar aniqlangan:
- oy boshida balansda yetarli mablag‘ bo‘lmasa, avtomatik tarzda 2 ming so‘m kunlik to‘lov yechiladi;
- bu xizmatni rad etish yoki o‘chirish imkoniyati mavjud emas;
- mablag‘ yetarli bo‘lmasa, hisob minusga tushadi va raqam bloklanadi, abonent esa trafikdan foydalana olmaydi;
- kunlik to‘lovlar oylik to‘lov uchun yetarli mablag‘ to‘planmaguncha avtomatik davom etadi;
- bunda foydalanuvchiga tanlov huquqi berilmagan.
Shu sababli, qo‘mitasi tomonidan Unitel MChJga ko‘rsatma xati yuborildi. Unda mablag‘ yetarli bo‘lmaganda kunlik to‘lovni avtomatik yechishni bekor qilish, abonentga kunlik xizmatni ixtiyoriy tarzda yoqish yoki o‘chirish (masalan, USSD-kod orqali) imkoniyatini yaratish, oylik yoki kunlik to‘lovlarni qarzga yechishga yo‘l qo‘ymaslik hamda abonentlarni o‘z vaqtida xabardor qilish belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ucell ma’naviy va moddiy zarar uchun ham javobgarlikni olishi haqida yozgandi.