
Huawei kompaniyasi tomonidan 11-iyun kuni yangi Huawei Pura 80 flagman smartfonlari taqdim etildi. Yangilangan model qatori to‘rtta qurilmadan iborat: Pura 80, Pura 80 Pro, Pura 80 Pro+ va Pura 80 Ultra. Bu haqda ITHome nashri xabar bermoqda.
Smartfonlar o‘ziga xos dizayni va kuchli kamerasi bilan ajralib turadi. Pura 80 modeli 6,6 dyuymli tekis ekran bilan taqdim etilgan bo‘lsa, qolgan Pro versiyalarida 6.8 dyuymli to‘rt qirrali egri ekran ishlatilgan. Ekran maksimal yorqinligi 3 ming nitga yetadi va 1 dan 120Hz gacha yangilanish tezligini qo‘llab-quvvatlaydi.

Pro va undan yuqori modellarda yangi avlod Kunlun va Xuanwu oynasi ishlatilgan. Bu ekranlarni chizilish va tushib ketishda buzilishdan himoya qiladi.
Kameralar borasida ham Huawei katta yangiliklar bilan chiqdi. Pura 80 Pro’da 50 MP bir dyuymli asosiy kamera, 48 MP uzoq masofali mikro-makro kamera mavjud. Shuningdek, 40 MP ultra keng kamerasiga ham ega. Pro+ va Ultra modellarida surat sifati yanada yaxshilangan. Ultra model maxsus uch darajali yorug‘lik texnologiyasi va ikki uzun fokusli obyektivga ega.

Suratga olishda sun’iy intellektli kompozitsiya, yoritish nazorati, to‘rtta turli rang uslublari va boshqa ko‘plab funksiyalar mavjud. Barcha modellar HarmonyOS 5.1 operatsion tizimida ishlaydi. Bu tizim foydalanuvchiga virtual yordamchi sifatida ko‘maklashadi. Masalan, kiyim tanlash, sayohat bo‘yicha maslahatlar berish yoki ko‘zi ojiz foydalanuvchilarga yordam berish.

Pura 80 Pro+ va Ultra modellarida ikki tomonlama sun’iy yo‘ldosh aloqasi, 5GA, yangi NFC funksiyalari mavjud. Qurilmalarda ovoz balandligi ham kuchaytirilgan. Ultra model 5700 mA·soat sig‘imli batareyaga ega. U 100W tez zaryadlash va 80W simsiz zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Pura 80 Pro va Pro+ modellarining sotuvlari 14-iyundan, Ultra esa 26-iyundan boshlanadi. Oddiy Pura 80 iyul oyida sotuvga chiqadi.
Narxlar quyidagicha:
- Pura 80 Pro – 6 499 yuan ($904);
- Pura 80 Pro+ – 7 999 yuan ($1113);
- Pura 80 Ultra – 9 999 yuan ($1391).
Avvalroq Huawei Pura 80 yangi kamera imkoniyatlari bilan taqdim etilishi haqida yozgan edik.