Los-Anjelesda komendant soati joriy qilindi

AQShning Los-Anjeles shahrida komendant soati joriy etildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Shaharda bir necha kundan beri Donald Tramp ma’muriyatining migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda.
Cheklov 10-iyun kuni kechki soat 20:00 da (O‘zbekiston vaqti bilan 11-iyun soat 08:00da) kuchga kirib, chorshanba tongigacha davom etadi. Komendant soati faqat shahar markazida amal qiladi.

Los-Anjeles meri Karen Bassning so‘zlariga ko‘ra, norozilik namoyishlari vaqtida shaharning o‘nlab infratuzilma obyektlari zarar ko‘rgan. Avvalroq markazdagi 23 ta savdo nuqtasi talangani haqida xabar berilgan. Hukumat xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda.
Kaliforniya shtatining markazida ommaviy tartibsizliklar 6-iyun kuni boshlangan. Bunga federal agentlarning noqonuniy migrantlarga qarshi reydi sabab bo‘lgan. Tekshiruv davomida 44 kishi qo‘lga olingan.
Noroziliklar boshlanganida AQSh prezidenti Donald Tramp shtatga Milliy gvardiya bo‘linmasini yuborgan edi. Uning aytishicha, harbiylar vaziyat tinchiguncha shtatda qoladi.
Kaliforniya rasmiylari prezident qaroriga rozi emas. Shtat gubernatori Gavin Newsom sudga murojaat etishini ma’lum qilgan. Uning fikricha, armiyani ichki masalalarda qo‘llash mumkin emas.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Los-Anjelesdagi namoyishchilar orasida o‘zbekistonliklar yo‘qligi haqidagi xabarni bergandi.