
Lynk & Co 10 EM-P avtomobili rasman taqdim etildi. Bu haqda IT Home texnologiyalar nashri xabar bermoqda.
Yangi Lynk & Co 10 EM-P o‘rta-kattalikdagi gibrid sedan sifatida taqdim qilindi. Yangi model Lynk & Co Z10 dizaynini davom ettiradi. Old qismida «H» shaklidagi LED chiroqlar va uzluksiz LED chiziq bor. Mashina oldi yumaloq ko‘rinishda bo‘lib, sportcha uslubda yaratilgan.

Quyi qismda katta havo kirish panjarasi va yon oqim kanallari mavjud. Yangi mashina plag-in gibrid tizimga ega bo‘ladi. U to‘liq g‘ildirakdan harakat (4WD) tizimi bilan jihozlanadi. P1+P3+P4 strukturasidagi ikki elektromotorli tizim bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Lynk & Co 900 dagi NVIDIA Thor chipi ham o‘rnatilishi kutilmoqda.
Bu chip 700 TOPS hisoblash quvvatiga ega – juda kuchli ko‘rsatkich. U avtomobilning avtopilot va xavfsizlik tizimini sezilarli darajada yaxshilaydi. Hozircha aniq texnik tafsilotlar e’lon qilinmagan. Ammo dizayni va taxminiy jihozlanishi mashinani jiddiy raqobatchi qiladi. Lynk & Co 10 EM-P yaqin orada savdoga chiqishi kutilmoqda.

Ma’lumot uchun, Lynk & Co – Xitoyning avtomobil brendi bo‘lib, 2016-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Geely va Volvo hamkorligida yaratilgan. Markaziy ofisi Shvetsiyada joylashgan, lekin ishlab chiqarish asosan Xitoyda amalga oshiriladi.
Lynk & Co o‘z avtomobillarida zamonaviy texnologiyalar va minimalist dizaynni birlashtiradi. Kompaniya ekologik toza, gibrid va elektr dvigatelli modellar yaratishga katta e’tibor qaratmoqda. Ularning mashinalari asosan yoshlarga, texnologiyani qadrlovchi haydovchilarga mo‘ljallangan.

Brend shuningdek, o‘ziga xos xizmat modeli bilan ajralib turadi — foydalanuvchilar mashinani nafaqat sotib olishi, balki obuna orqali vaqtincha ijaraga olishi ham mumkin. Bu esa uni boshqa ishlab chiqaruvchilardan farqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely’ning yangi Lynk & Co 900 krossoveri taqdim etilgani haqida yozgan edi.