«O‘zatom» Fransiya kompaniyasi bilan hamkorlikda qo‘shma korxona ochadi

Atom energiyasi agentligi (O‘zatom) hamda Fransiyaning Assystem kompaniyasi o‘zaro kelishuv memorandumini imzoladi. Unga ko‘ra, tomonlar Toshkent shahrida qo‘shma korxona tashkil etishni rejalashtirmoqda.
Fransiyaning Assystem kompaniyasi xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Kristian Jenno bilan muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralar davomida tomonlar atom energetikasi sohasini rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha strategik sheriklik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Yangi qo‘shma korxona faoliyati atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish, texnik yechimlarni tanlashda ko‘maklashish va ularni yagona konsepsiyaga integratsiya qilish, shuningdek, O‘zbekistonning fuqarolik yadro dasturiga oid loyihalarni qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.
Ma’lumot uchun, Assystem – bosh ofisi Parijda joylashgan mustaqil muhandislik guruhi bo‘lib, asosan yadro energetikasi sohasida dizayn, qurilish, nazorat va ishga tushirish xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya turli reaktor texnologiyalarini qamrab olgan yirik xalqaro yadro loyihalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
Assystem kompaniyasi 1966-yilda Fransiyada tashkil topgan mustaqil muhandislik guruhi. Asosan atom energetikasi, energiya o‘tishi, infratuzilmalar va transport loyihalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi.
Kompaniyada hozirda 7,500 dan ortiq xodim ishlaydi. U 12 ta davlatda faoliyat yuritadi. Bugungi kunda Assystem yadro energetikasi sohasida faoliyat yurituvchi dunyodagi mustaqil muhandislik kompaniyalari orasida uchinchi o‘rinda turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zatom» agentligi va Vengriyaning MVM EGI Zrt. davlat korxonasi o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha hamkorlik bitimi va anglashuv memorandumi imzolagani haqida yozgandi.