O‘zbekistonda bolalar orasida Koksaki virusi tarqalayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

O‘zbekiston hududida bolalar orasida Koksaki virusi keng tarqalayotgani haqidagi xabarlar asossiz. Ushbu masala yuzasidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov rasmiy izoh berdi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, Koksaki virusi dastlab AQShning Koksaki nomli shaharchasida aniqlangan bo‘lib, u enteroviruslar guruhiga kiradi. Mazkur virusning 70 dan ortiq variantlari mavjud bo‘lib, ular orasida A va B turlari eng ko‘p uchraydi. Ushbu kasallik, asosan, 3 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarda qayd etiladi, kattalar orasida esa juda kam hollarda uchraydi.

Virusning belgilari qanday
Kasallik o‘zini boshlanishida tana haroratining keskin ko‘tarilishi (39-40 darajagacha), bosh og‘rig‘i, charchoq, uyqusizlik kabi belgilar bilan namoyon qiladi. Odatda 2 – 4 kun ichida isitma bosqichma-bosqich pasayadi. Boshqa simptomlar qatorida, ich ketishi, ko‘ngil aynishi va qusish holatlari ham kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, kasallangan bolalarda kaft va panja sohalarida hamda og‘iz shilliq pardasida turli toshmalar paydo bo‘ladi. Ba’zan og‘iz bo‘shlig‘ida yarachalar va og‘riqlar ro‘y beradi. Bu esa ishtahaning yo‘qolishi va yutishda qiyinchiliklarga olib kelishi mumkin. Ayrim hollarda limfa tugunlarining kattalashuvi kabi qo‘shimcha belgilar ham kuzatiladi.
Infeksiya qanday yuqadi

Kasallik asosan yoz mavsumida, bolalar umumiy suv havzalarida cho‘milganda yoki virus tashuvchilari bilan bevosita muloqotda bo‘lganda yuqadi. Kasallikning inkubatsiya davri odatda 2 kundan 10 kungacha davom etadi. Biroq ko‘pchilik holatlarda bu muddat 2 – 5 kun bilan cheklanadi. Ushbu virus dunyo miqyosida keng tarqalgan bo‘lib, O‘zbekistonda ham ayrim paytlarda qayd etilishi mumkin.
«Hozirgi kungacha O‘zbekistonda bolalar orasida Koksaki virusining mavjudligi aniqlanmagan. Shu bois, ushbu virus mamlakatimizda ommaviy tus olgan degan da’volarni tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q», – deyiladi xabarda.
Koksaki virusiga qarshi tasdiqlangan tibbiy davolash protokollari mavjud bo‘lib, ushbu kasallik asoratlarsiz to‘liq davolanishi mumkin. Shu bilan birga, bemorga o‘z holicha antibiotiklar yoki viruslarga qarshi dori vositalarini berish tavsiya etilmaydi. Chunki bu preparatlar mazkur virusga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Sanepidqo‘mita Xitoyda yangi virus tarqalayotgani to‘g‘risidagi xabarlarni ham rad etgani haqida yozgandi.