Parlament Ekologiya vaziriga elektromobil akkumulyatorlari bo‘yicha so‘rov yubordi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov nomiga parlament so‘rovi yubordi.
Unda eski poligonlarni rekultivatsiya qilishdan tortib, tobora ommalashib borayotgan elektromobillarning akkumulyatorlarini utilizatsiya qilishgacha bo‘lgan masalalar ko‘tarildi.
Bugungi kunda O‘zbekiston ekologik xavfsiz kelajakka intilmoqda: chiqindilarni qayta ishlash stansiyalari qurilmoqda, saralashning zamonaviy usullari joriy etilmoqda. Ammo texnologik rivojlanish bilan birga, ilgari dolzarb bo‘lmagan yangi muammolar ham yuzaga chiqmoqda.
Shulardan biri – elektromobillarning yaroqlilik muddati tugagan yoki ishlamay qolgan akkumulyatorlarining taqdiri. Mamlakat yo‘llarida bunday transport vositalari soni oshib borayotgan bir vaqtda, ularning xizmat muddati tugagach, batareyalar bilan nima qilish kerakligi savoli yuzaga chiqmoqda.
Shuningdek, so‘rovda quyidagi masalalar ham tilga olingan:
- chiqindi poligonlarini rekultivatsiya qilish loyihalarini amalga oshirish;
- chiqindilarni tashish uchun yangi yuk tashish stansiyalarini tashkil etish;
- QR-kodli chiqindi paketlarini joriy qilish;
- chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarga subsidiyalar ajratish.
Endilikda Ekologiya vazirligi qayta ishlashning samarali va zamonaviy tizimini yaratish hamda chiqindi poligonlarini yopish va rekultivatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil tushuntirish taqdim etishi lozim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan transportdan chiqindi tashlaganlik uchun jarimalar oshirilishi haqida xabar bergandi.