Toshkentda Xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi mumkin

2025-yilgi Toshkent Xalqaro investitsiya forumining ikkinchi kunida «O‘zbekistonda xalqaro nizolarni hal etish: Toshkent Xalqaro tijorat sudi» mavzuida panel sessiya tashkil etildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lum qildi.
Unda yangi tashkil etilayotgan Toshkent Xalqaro tijorat sudi (TXTS) haqida batafsil ma’lumot berildi.
Sessiyada ta’kidlanishicha, mazkur sud umumiy huquq (common law) tamoyillariga asoslangan sud jarayonlarini taklif etib, O‘zbekistonni xalqaro investorlar uchun yanada jozibador hududga aylantiradi. U xalqaro arbitraj va iqtisodiy sudlar bilan bir qatorda nizolarni hal etishning yangi, ishonchli shakli bo‘ladi.
Tadbirda xalqaro huquq ekspertlari, sobiq adliya vazirlari, yirik kompaniyalar rahbarlari va yuridik soha mutaxassislari ishtirok etib, TXTSning ahamiyati, faoliyat tamoyillari va mintaqadagi o‘rni haqida fikr almashishdi.
Toshkent Xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova TXTS investorlar uchun yangi tanlov imkonini yaratishini ta’kidlab o‘tdi. Toshkent Yuridik universiteti rektori Islombek Rustambekov esa TXTSning xalqaro tajribani mamlakat sud tizimiga olib kirishini, bu esa yuridik ta’lim va amaliyotga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishini bildirdi.
«ACWA Power» kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Jon Zaidi esa O‘zbekistonda investor huquqlari real himoyalanayotganini alohida e’tirof etdi.
Panel sessiya O‘zbekistonning xalqaro nizolarni hal etish sohasida olib borayotgan islohotlari va investorlar uchun barqaror, adolatli huquqiy muhit yaratishga intilayotganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ACWA Power O‘zbekistonda 5 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishi haqida yozgan edik.