Tramp Netanyahuga G‘azo urushini tugatishni va Eron tahdidlarini bas qilishni aytdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuga G‘azo urushini tugatish va Eron yadroviy obyektlariga hujum qilish haqida gapirishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Mazkur da’vat AQShning Eron bilan yadroviy muzokaralarni kuchaytirayotgan va Hamas bilan vositachilik orqali sulhga erishmoqchi bo‘layotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.
Netanyahu urushni davom ettirish va Hamasni butunlay yo‘q qilish tarafdori bo‘lsa, Tramp mintaqada tinchlik o‘rnatish zarurligini urg‘ulayapti. Shuningdek, u Isroilni Eronga hujum tayyorgarliklari haqida ma’lumot tarqatmaslikka chaqirgan.
Hamas esa AQSh elchisi taklif etgan sulh rejasi yuzasidan o‘z takliflarini kiritib, kuchliroq xavfsizlik kafolatlarini so‘ragan. Tashkilot G‘azodan Isroil kuchlari chiqib ketishini va urushning to‘liq to‘xtatilishini talab qilmoqda.
Bu voqealar fonida AQSh va Isroil o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar kuchayib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Los-Anjelesdagi notinchliklar ortidan hududda komendant soati joriy qilingani haqida xabar bergan edik.