2025-yilgi ilk Haj ziyoratchilari Vatanga qaytdi

12-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportida Haj ziyoratini ado etgan ilk yurtdoshlarimiz tantanali kutib olindi. Bu haqda Uzbekistan Airports ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi HY-5304 reysi bilan 245 nafar ziyoratchi Vatanga qaytdi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da poytaxtga qo‘ndi.
Aeroportda ularni yaqinlari va qarindoshlari iliq kutib oldi. Viloyatlardan kelgan ziyoratchilar esa zal oldida maxsus avtobuslarga o‘tqazilib, tegishli manzillariga jo‘natildi.
Joriy yil 12 – 30-iyun kunlari davomida Jiddadan Toshkent, Namangan, Qarshi, Samarqand, Buxoro, Urganch va Nukusga jami 62 ta reys amalga oshiriladi. Bu orqali 15 150 nafar yurtdoshimiz Haj safaridan yurtga qaytadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar Hindistonga yagona chipta bilan bora olishi haqida xabar qilgan edik.