
2026-yilda Kann kinofestivali 12-maydan 23-maygacha o‘tkazilishi e’lon qilindi. Bu haqda festivalning rasmiy ijtimoiy tarmoqlari orqali xabar berildi.
Ammo keyingi yilda Kann kinobozori qachon bo‘lib o‘tishi hozircha noma’lum. Ma’lumot uchun, 2025-yilda bozordagi tadbirlar festival bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Amazon kompaniyasi rossiyalik figurachi Roman Kostomarov haqidagi hujjatli filmga huquq sotib olgandi.
78-Kann kinofestivali 23-may kuni yakunlangan edi. Unda bosh sovrinni eronlik rejissyor Jafar Panahi qo‘lga kiritgandi. U bu yutuqqa «Oddiy tasodif» nomli filmi bilan 20 yillik tanaffusdan so‘ng festivalga qaytib sazovor bo‘ldi.
Shuningdek, bu yil «Oltin palma novdasi» mukofoti uchun 20 dan ortiq film kurash olib bordi. Ular orasida Sergey Loznitsaning «Ikki prokuror», Richard Linkleyterning «Yangi to‘lqin», Ari Asterning «Eddington» kartinalari bor edi. Shuningdek, Ues Andersonning «Finikiyalik sxema» va Yoakim Trierning «Hissiy qadriyat» filmlari ham tanlovda ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun, 2025-yilgi Kann kinofestivali avvalgilardan farq qiladi, chunki tadbir boshlanishidan bir necha kun oldin haddan tashqari ochiq kiyimlarga taqiq qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi: «Odob-axloq qoidalari tufayli ochiq kiyinish qizil gilamda ham, festivalning boshqa joylarida ham taqiqlanadi. Mehmonlar bilan uchrashganda, tashkilotchilar ushbu qoidalarga rioya qilmagan har qanday kishining qizil gilamga kirishini taqiqlashlari kerak», deb yozilgandi rasmiy bayonotda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda $3,5 mln budjetga ega hind kinosi namoyish etilgani haqida yozgandi. Film rejissyori Balkining aytishicha, film budjeti $3,5 mlnni tashkil etadi.
«Bu film kriket haqida va biz bunga taxminan $3,5 mln sarfladik. Hozircha bu kino onlayn platformalar va bir qator kinoteatrlarda namoyish etilmoqda», – dedi kinorejissyor.