Andijon va Xorazmda qalbaki alkogol mahsulotlari savdosi fosh etildi

Andijon va Xorazm viloyatlarida qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini noqonuniy tarzda savdoga qo‘ygan savdo nuqtalari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, departamentning Baliqchi tumani bo‘limi, IIB va Soliq inspeksiyasi ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Gulshan mahallasidagi oziq-ovqat do‘konida fuqaro 2 dona alkogolli ichimlikni sotgan vaqtida qo‘lga olingan. Do‘kondan 1 997 dona hujjatsiz alkogol mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, Urganch tumanidagi MChJga qarashli do‘konda 1 052 dona qalbaki aksiz markali spirtli ichimliklar savdoga qo‘yilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq departament tomonidan Toshkent viloyatida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga chek qo‘yilgan edi.