AQShda Trampga qarshi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tadi

eʼlon qilindi
Norozilik aksiyalari Trampning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlanadi
AQShda norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Foto: REUTERS/Leah Millis

Joriy yil 14-iyun kuni AQShda Donald Trampga qarshi butun mamlakatni qamrab oluvchi norozilik aksiyasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Axios nashri xabar berdi.

Tug‘ilgan kunga «sovg‘a»

Trampga qarshi norozilik aksiyalari uning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlab Oklaxoma shahrida rejalashtirilgan multimillion dollarlik harbiy paradga qarshi uyushtirilmoqda. Tramp ushbu paradni o‘zining 79 yoshga to‘lishi va AQSh armiyasining 250 yilligiga bag‘ishlamoqchi.

Paraddan taxminiy xarajatlar $25 mlndan $45 mlngacha baholanmoqda. Biroq bu mablag‘ga maxfiy xizmatlar va politsiya xarajatlari kiritilmagan.

Trampga qarshi o‘tkazilishi kutilayotgan tadbirni No Kings (Podshohlikka yo‘l yo‘q) nomli harakat muvofiqlashtirmoqda.

«No Kings bu butun mamlakat bo‘ylab bo‘ysunmaslik kuni. Yirik shaharlardan tortib, kichik qishloqlargacha, sud binolari oldidan to jamoat bog‘larigacha biz avtoritarizmdan voz kechishga chaqiramiz»,deyiladi tashkilotchilar bayonotida.

Aksiya ko‘lami

Mazkur norozilik harakatini 100 dan ortiq demokratik huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan va faol ishtirok etmoqda.

Tashkilotchilar 50 shtatda 1,8 mingdan ortiq miting o‘tkazilishini va ularda millionlab odam qatnashishini kutmoqda.

Norozilik namoyishlari AQShdan tashqaridagi davlatlarda ham rejalashtirilgan. Ular qatorida Kolumbiya, Malavi, Italiya, Portugaliya, Germaniya va Buyuk Britaniya bor.

Prezident Tramp esa seshanba kuni qilgan bayonotida, shanba kungi parad chog‘ida bo‘lib o‘tadigan har qanday norozilik harakati «keskin choralar bilan» bostirilishini ogohlantirgan.

Avvalroq, bir necha kundan beri Tramp ma’muriyatining immigratsiya siyosatiga qarshi norozilik davom etayotgan Los-Anjeles shahrida komendantlik soati joriy etilgan edi.

Aksiya boshlangan paytda Tramp shtatga Milliy gvardiya bo‘linmalarini yuborgan. Unga ko‘ra, harbiylar vaziyat barqarorlashguncha shtatda qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Kaliforniya shtatining markazida ommaviy tartibsizliklar 6-iyun kuni boshlangan. Bunga federal agentlarning noqonuniy migrantlarga qarshi reydi sabab bo‘lgan. Tekshiruv davomida 44 kishi qo‘lga olingan.

Shuningdek