Boeing: O‘zbekiston yuk aviatsiyasini kengaytirishi zarur

Toshkent xalqaro investitsiya forumida Boeing’ning Yevrosiyo bo‘yicha tijorat savdolari direktori Mario Antonio Ebchim O‘zbekistonning e-tijorat salohiyati ortib borayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, mamlakatda chakana savdodagi onlayn savdo ulushi 2023-yilda 3 – 5% ni tashkil etgan bo‘lsa-da, 2027-yilga kelib bu ko‘rsatkich 9 – 11% gacha o‘sishi kutilmoqda. Bu esa yuk havo transportiga ehtiyojni keskin oshiradi.

Ebchim O‘zbekistonning logistik salohiyatiga e’tibor qaratdi. Unga ko‘ra, dunyo bo‘yicha elektron tijorat savdosi 2026-yilga borib $8 trillionga yetadi, bu esa jadal rivojlanayotgan mintaqalar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
«Biz Markaziy Osiyo uchun yillik 33 foizlik o‘sishni kutmoqdamiz. O‘zbekistonda esa e-tijorat ulushi 2027-yilgacha 10% dan oshishi mumkin. Bu nimani anglatadi? Bu sizga yirik markazlarga uchadigan yanada ko‘proq yuk samolyotlari kerak bo‘lishini anglatadi», – dedi Ebchim.

Uning aytishicha, tezkor yetkazib berish, ayniqsa, e-commerce uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.
«Agar Istanbuldan mahsulot buyurtma qilinsa, u ertasiga yetib borishi kerak. Shu sababli yuk tashish salohiyatiga sarmoya kiritish ham juda muhim. Bu bizning yuk bozori prognozimizga asoslangan», – deya qo‘shimcha qildi u.

«Bugun dunyodagi barcha yuk hajmining bor-yo‘g‘i 1 foizi samolyotda tashiladi, biroq ularning qiymati umumiy savdoning 35 foizini tashkil qiladi. Bu havo yuk tashishning iqtisodiy samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi», – dedi Ebchim.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentning yangi aeroportini aviahabga aylantirish rejalari haqida yozgan edi. Bu borada O‘zbekiston transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Kursiv Uzbekistan’ga bergan intervyusida shunday degan edi: yaqin vaqt ichida yangi havo bandargohi qurilishi bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos (TIA) tasdiqlanishi kutilmoqda.