
BYD’ning yangi oilaviy avtomobili taqdim etiladi, hozirda uning nomi rasman e’lon qilingan. Bu haqda CarNewsChina xabar berdi.
BYD kompaniyasining off-road yo‘nalishidagi Fang Cheng Bao (FCB) brendi o‘zining navbatdagi SUV modeliga rasman FCB Ti7 nomini berdi. Bu model oilaviy foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, mustahkam yo‘ltanlamas modellari Bao 5 va Bao 8 orasida joylashgan.
Fang Cheng Bao (FCB) haqida
FCB – BYD tomonidan 2023-yilda ishga tushirilgan off-roadga (yo‘ltanlamas model) yo‘naltirilgan avtomobil brendi. Hozirgi model qatori quyidagilardan iborat:
- Bao 5 (Leopard 5),
- Bao 8 (Leopard 8),
- Ti3 (Tai 3, Titanium 3).
2025-yil yanvardan may oyigacha, Xitoyda 41 709 dona FCB avtomobili yetkazib berilgan. Endi kompaniya yangi oilaviy yo‘nalishdagi Ti7 SUV modeli bilan bozordagi o‘rnini yanada mustahkamlashni maqsad qilgan.
FCB Ti7 – nomi va tafsilotlari
FCB Ti7 «Ti-seriya»ga mansub bo‘lib, bu liniyadan asosan oilaviy krossoverlar joy oladi. 12-iyun kuni BYD ushbu seriyaning xalqaro nomini e’lon qildi – u endi «Ti» deb ataladi, bu Mendeleyev jadvalidagi kimyoviy element belgisidan olingan.




Tashqi ko‘rinish va taxminiy xususiyatlar
Hozircha avtomobilning asosiy texnik xususiyatlari rasmiy ochiqlanmagan. Ammo yangi model bir necha bor testda ko‘ringan:
- to‘rtburchak dizaynga ega;
- orqa qismida yuk qutisi joylashgan;
- tomida LiDAR (sensorli radar) mavjud;
- orqada yonilg‘i va zaryad portlari bo‘lishi bu model PHEV (plug-in gibrid) bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi;
- DM-O platformasida ishlashi taxmin qilinmoqda.
Salon (ichki ko‘rinish)




Avvalgi kuzatuvlarga ko‘ra, Ti7 modeli Xitoyda ichki dizayni bilan ham ko‘ringan. U ikki qatorli, besh o‘rinli joylashuvga ega bo‘lib, markaziy konsolda katta ekran joylashgan. Salonning ichki bezagi esa to‘q sariq rangda.
Narx bo‘yicha taxminlar
Birinchi ekspertlar guruhi narxni $41,7 – $48,7 ming deb baholamoqda. Ikkinchi qarashga ko‘ra, Ti7 modeli $27,8 mingdan kamroq bo‘lishi ham mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Slovakiya Bosh vaziri Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan BYD’ni sinab koʻrgani haqida yozgandi.