«Euronews» o‘zbekistonlik mahalliy jurnalistlarni o‘qitadi

«Euronews Academy» dasturi doirasida o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari xodimlari ilg‘or xalqaro standartlar asosida o‘qitiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Euronews» media xoldingining direktorlar kengashi raisi Pedro Vargas bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mazkur yetakchi media tuzilmasi bilan o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan. Xususan, telekanalning keng ko‘lamli auditoriyasiga O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, mamlakatda amalga oshirilayotgan muhim siyosiy va iqtisodiy islohotlar, shuningdek, investitsiyaviy va turizm salohiyati haqida kengroq ma’lumot yetkazish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston bilan xalqaro telekanal o‘rtasida qo‘shma media loyihalarni amalga oshirish, malakali jurnalist kadrlar tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yuqori baholadi. Shuningdek, telekanalning Toshkentda o‘z vakolatxonasini ochish rejalari ijobiy qarshi olindi.
«Euronews Academy» dasturi doirasida o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari xodimlarini ilg‘or xalqaro standartlar asosida o‘qitish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi.
Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimizning sa’y-harakatlari bilan so‘nggi yillarda O‘zbekistonga xorijiy OAV vakillari tez-tez tashrif buyurmoqda. 2024-yil davomida deyarli 2 ming xorijiy jurnalistlar akkreditatsiyadan o‘tkazilib, ular mamlakatning tabiiy boyliklari, tarixi, madaniyati va iqtisodiy salohiyati haqida ko‘rsatuvlar tayyorlashmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan BBC Navoiy viloyatida O‘zbekistonning yovvoyi tabiatiga bag‘ishlangan yangi film ustida ishlayotgani haqida yozgandi. Ushbu loyiha mamlakatdagi noyob qush turlarini asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni yoritishga qaratilgan.