Humans – Octobank kobrending kartalari egalari uchun xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi

eʼlon qilindi
13-iyundan
Humans – Octobank kobrending kartalari egalari uchun xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi / Foto: Humans

«Octobank» AJ va «Humans» MCHJ o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlar to‘xtatilgani munosabati bilan 2025-yil 13-iyun soat 18:00 dan boshlab «Humans» (VISA) kobrending bank kartalari bo‘yicha barcha operatsiyalarga xizmat ko‘rsatish to‘xtatiladi. Bu haqda Octobank rasmiy xabarnoma e’lon qildi.

Bank kartalari egalariga eslatib o‘tilishicha, avvalgi shartnoma va foydalanish qoidalari asosida mijozlar shaxsiy hisobvarag‘idagi mablag‘larni aloqa xizmatlari uchun avans to‘lov sifatida kiritgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar «Humans» MCHJ avtomatlashtirilgan tizimida yuritiladi.

Shu bois kobrend kartalardagi mablag‘lar bevosita Octobankda emas, balki «Humans» MCHJ tizimidagi shaxsiy hisobvaraqda saqlanadi. Mablag‘larni qaytarish bilan bog‘liq har qanday holatda mijozlar to‘g‘ridan to‘g‘ri «Humans» MCHJga murojaat qilishlari kerakligi alohida ta’kidlanadi.

Octobank bildirganidek, ushbu holat amaldagi qonunchilik, «Humans» xizmat ko‘rsatish qoidalari va bank-mijoz o‘rtasidagi shartnoma asosida amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, kartani boshqa bank kartasiga almashtirish istagida bo‘lgan mijozlar ariza asosida xizmatga taalluqli bo‘lmagan shartlarda buni amalga oshirishlari mumkin.

Mazkur o‘zgarishlar fonida foydalanuvchilarga o‘z hisobvaraqlari holatini tekshirish va zarur choralarni ko‘rish tavsiya qilinadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humans O‘zbekistonga qarshi xalqaro arbitrajga ariza kiritgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek