Ishsiz migrantlar Rossiyani tark etishi kerak – Rossiya Ichki ishlar vaziri

Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevning aytishicha, ishidan ayrilgan, oliygohdan chetlatilgan, daktiloskopiyadan o‘tmagan hamda rus tilini o‘rganmayotgan migrantlar mamlakatni tark etishi lozim. Bu haqda vazirlikning rasmiy vakili Irina Volkga tayangan holda TASS ma’lum qildi.
Kolokolsev hujjatlarni rasmiylashtirish markazlarida migrantlar to‘planishining oldini olish, ularni o‘z vaqtida qabul qilishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.
«Medialarda paydo bo‘layotgan navbatlar aks etgan surat va videolar migrantlarni qabul qilish jarayonidagi muammolarni yaqqol ko‘rsatmoqda», – deydi vazir.
Bundan tashqari, 2026-yildan boshlab migrantlar uchun imtihonlar kompyuter texnologiyalari yordamida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Aleksey Nechayev boshchiligidagi «Yangi odamlar» fraksiyasi deputatlari esa davlat dumasiga hududlarga migrantlarning yashash qoidalarini mustaqil belgilash huquqini beruvchi qonun loyihasini taklif qilgan. Iyunning oxiriga qadar esa Rossiyada migrantlarning raqamli profillari joriy etilishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri Rossiya migrantlarga doir O‘zbekiston notasida keltirilgan ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.