Kelajakda Leapmotor avtomobillari yetti ming dollarga sotiladi

12-iyun 2025 11:45 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Leapmotor
Kelajakda Leapmotor avtomobillari yetti ming dollarga sotiladi / Foto: CarNewsChina

Leapmotor rahbari Zhu Jiangming kelajakda katta SUVlar narxi yetti ming dollargacha tushishi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Zhu Jiangmingning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda o‘rta va yirik SUV avtomobillarini 50 ming yuan (taxminan $7 ming) evaziga sotish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi. U texnologiyalar rivojlanayotgani, ayniqsa chiplarning avtomobillarga tobora ko‘proq qo‘llanilayotgani ishlab chiqarish xarajatlarini sezilarli kamaytirishini qayd etgan.

U televizor va konditsioner misolida tushuntirgan: masalan, hozir 100 dyuymli televizor 5-6 ming yuan (700 – 840 dollar), 1 ot kuchiga ega konditsioner esa 1 100 yuan (154 dollar) atrofida turadi. Shu sababli, avtomobillarda ham asosiy xarajatlar yaqin kelajakda chiplar, xomashyo (temir, plastmassa, alyuminiy, litiy) va qayta ishlash xizmatlariga borib taqaladi.

Foto: CarNewsChina

Gonkong bozorida Leapmotor raqobatdosh brendlar bilan yuzma-yuz kelmoqda. Ularga BYD, SAIC, GAC, Xpeng, Zeekr va Seres kabi yirik kompaniyalar kiradi. Ularning aksariyati Leapmotordan avval Gonkong bozoriga kirgan.

Leapmotor 2015-yilda tashkil etilgan va Hangzhou shahrida joylashgan. U dastlab ikkinchi darajali elektromobil startapi sifatida faoliyat yuritgan. Hozir esa kompaniya yetakchi brendlardan biriga aylangan. 2025-yil may oyida kompaniya 45 ming dona avtomobil yetkazib bergan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 148 foiz o‘sishni anglatadi. Bu Leapmotor uchun ketma-ket uchinchi oyda eng yaxshi natijadir.

2024-yilda Leapmotor Stellantis (Peugeot, Citroën va Fiat egalari) guruhi bilan strategik hamkorlik o‘rnatdi. Ushbu kelishuv asosida kompaniya 15 milliard yuan (2,1 milliard dollar) sarmoya oldi va xorij bozorlariga keng chiqishni boshlagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor 6-iyun kuni yangi modelni taqdim etishi haqida yozgan edi.

Shuningdek