Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirdi

Bugun, 12-iyun kuni Markaziy bank (MB) asosiy stavkani 14 foiz darajasida saqlab qolish toʻgʻrisida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyatorning matbuot xizmati xabar berdi.
«Inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga oʻtishini taʼminlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi», – deyiladi Markaziy bank xabarida.
Markaziy bank tomonidan oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning besh foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qat’iyligi ta’minlanishi ma’lum qilindi. Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi ta’sirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
Umumiy inflyatsiya darajasi may oyida oʻtgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi ta’siri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng boʻldi. Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning oʻsuvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi.
Joriy yilning yanvar – may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri boʻldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va koʻchmas mulk savdosi bitimlari soni oʻsishida namoyon boʻlmoqda.
«Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani oʻzgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi», – deyiladi MB xabarida.
Navbatdagi asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha yig‘ilishi 2025-yil 24-iyul kuniga belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 24-aprelda ham MB asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirgani haqida yozgandi.