Mirziyoyev Putinni Rossiya kuni bilan tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Muloqot avvalida O‘zbekiston rahbari rossiyalik hamkasbi va butun rus xalqini yaqinlashib kelayotgan Rossiya kuni bilan samimiy tabrikladi.
Suhbat chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, yuqori darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, sanoat kooperatsiyasi va tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, hududlar darajasida almashinuvlar va madaniy tadbirlarning davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Suhbat do‘stona va amaliy ruhda o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin Shavkat Mirziyoyevni Ikkinchi jahon urushidagi Gʻalabaning 80 yilligi bilan tabriklagan edi.