O‘zbekistonda rossiyaliklarni aldab kelgan koll-markazlar yopildi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti rahbar o‘rinbosari Danil Filippovning TASS agentligiga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston va Belarusda rossiyalik fuqarolarning pulini firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan koll-markazlar faoliyati to‘xtatildi.
Ushbu firibgarlik markazlari O‘zbekiston va Belarus huquqni muhofaza qiluvchi organlari ko‘magida aniqlanib yopilgan.
Shuningdek, telefon orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik holatlari Moskvada, Sankt-Peterburgda va boshqa shaharlarida ham fosh etilgani qo‘shimcha qilindi. O‘tgan yili vazirlik masofaviy firibgarliklarga oid 10 mingta jinoyat ishini sudga yuborgan.
Global miqyosda ham kiberhujumlar ko‘lami kengaymoqda. Cybersecurity Ventures tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 – 2025-yillar oralig‘ida kiberhujumlar tufayli global iqtisodiyotga zarar $10,5 trlnga yetishi bashorat qilinmoqda. Hozirgi vaqtda har 39 soniyada bittadan kiberhujum sodir etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan firibgarlarga qarshi turishda nima yordam berishi haqida yozgan edi.