Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha strategiya ishlab chiqildi

Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqildi. Bu haqda Saida Mirziyoeva Telegram kanalida ma’lum qildi.
IV Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazilgan sessiyada Saida Mirziyoyeva Qoraqalpog‘iston Respublikasini har tomonlama rivojlantirish, mintaqa iqtisodiyotini mustahkamlash va aholining turmush sifatini oshirish mamlakatning asosiy ustuvorliklaridan biri ekanini ta’kidladi.






«Boston Consulting Group» kompaniyasi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqdik. Qoraqalpog‘istonga kiritilayotgan sarmoyalar yangi ish o‘rinlari yaratishi, mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashi, yoshlarning kelajagini yanada yaxshilashi kerak, deya ta’kidladi Prezident yordamchisi.
Saida Mirziyoyeva xorijiy investorlarni ushbu betakror, ammo qiyin iqlimli mintaqaga tashrif buyurib, Qoraqalpog‘istonning ulkan salohiyatini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga va mavjud imkoniyatlarni baholashga chaqirdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Amerika – O‘zbekiston savdo palatasi raisi Saida Mirziyoyevani mukofotlagani haqida yozgandi.