«Rosatom» O‘zbekistonda katta va kichik atom elektr stansiyalarini quradi

O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi (AES) qurish loyihasi doirasida ikkita yirik va ikkita kichik quvvatli reaktorli stansiyalar qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Kommersant» nashri xabar berdi.
«Bu yil ikki davlat rahbarlari loyihani kengaytirish borasida kelishuvga erishdi», – deyiladi rasmiy bayonotda.
Yirik AES qurilishining aniq muddatlari hali ochiqlanmadi. Biroq «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachevning aytishicha, kichik AES uchun beton quyish ishlari 2026-yilga rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, dastlab 2024-yil bahorida imzolangan loyiha har biri 55 MVt quvvatga ega oltita kichik reaktor qurilishini ko‘zda tutgandi. Qurilish ishlari shu yil yozda boshlanishi, foydalanishga topshirilishi esa 2029 – 2033-yillarga belgilangan.
Bu «Rosatom»ning xorijdagi birinchi kichik AES loyihasi hisoblanadi. Qurilishni moliyalashtirish O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq «Kursiv» «Rosatom» O‘zbekistondagi ilk AES uchun 205 tonnalik reaktor detali tayyorlagani haqida yozgandi.