Rossiya O‘zbekiston notasida keltirilgan ma’lumotlarni diqqat bilan ko‘rib chiqmoqda

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomonining murojaatida keltirilgan ma’lumotlar diqqat bilan ko‘rib chiqilib, tegishli idoralarga yetkazilmoqda. Bu haqda TASS xabar berdi.
Olingan obyektiv ma’lumotlar belgilangan tartibda Toshkentga taqdim etiladi. Zaxarovaning qayd etishicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa xizmatlar orqali bevosita aloqalar mavjud.
«Avvalo, O‘zbekiston bilan bizni mustahkam ittifoqchilik va har tomonlama strategik sheriklik rishtalari bog‘lab turadi. Biz ikki tomonlama aloqalardagi barcha masalalarga aynan shu nuqtai nazardan yondashamiz», – deya qo‘shimcha qilgan diplomat.
Avvalroq, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan o‘tkazilayotgan tintuvlar va da’vo qilinayotgan nomunosib munosabatlar yuzasidan xavotir bildirgan edi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Rossiya TIVga rasmiy nota yo‘llagan.