
Dunyodagi eng ko‘p sotilgan minivenlardan biri – Toyota Sienta endi to‘liq yashash mumkin bo‘lgan kemper versiyada ham taqdim etiladi. Bu haqda daily-motor nashri ma’lum qildi.
Yaponiyaning «YURT» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan individual loyihaning shu qadar ommalashganidan so‘ng Toyota o‘zi ham bu g‘oyani rasmiy ravishda ishlab chiqarishga qaror qildi.
Yapon matbuoti xabarlariga ko‘ra, yangi zavod versiyasi 2023-yilda taqdim etilgan Juno kontsept-kar asosida yaratiladi. U oddiy Sienta’dan farqli o‘laroq ichki makonda to‘liq sayohatga moslashtirilgan va kemperga xos imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Asosiy yangiliklar:
- Old o‘rindiqlar saqlanadi, orqa qismi esa sayohatchilar uchun moslab o‘zgartiriladi.
- Divan, karavot yoki dam olish zonasi sifatida ishlatiladigan qattiq yostiqchalar to‘plami taqdim etiladi.
- Salonda yog‘ochli interyer, ko‘chma osma stol, hatto mini-oshxona bo‘lishi rejalashtirilgan.
- Avtoulov xavfsizlik tizimlari: elektron to‘xtash tormozi, Auto Hold, piyodalar va transport vositalarini aniqlovchi tizim, tezlanishni to‘xtatuvchi funksiyalar bilan boyitiladi.

2023-yilda ko‘rgazmada namoyish etilgan Juno prototipi orqali kompaniya bu segmentga kirish niyatini ochiq bildirgan edi. Endilikda esa bu kontsept real ishlab chiqaruv modeliga aylanishi kutilmoqda.

Yangi kemperning seriyali ko‘rinishdagi debyuti qachon bo‘lishi hozircha noma’lum. Ammo u original Toyota Sienta bazasi va texnologiyalariga asoslanishi aniq.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toyota yangi bZ5 elektromobilini taqdim etishi haqida xabar bergan edi.