Uzbekinvest va Agrosug‘urta kompaniyalari ham yaqin kunlarda savdoga chiqariladi

Yaqin kunlarda Uzbekinvest va Agrosug‘urta kompaniyalari davlat ulushlari xalqaro savdoga chiqariladi. Bu haqda poytaxtda o‘tkazilayotgan IV Toshkent xalqaro investitsion forumi doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Akmalxon Ortiqov ma’lum qildi.
«Yangi dasturda 29 ta davlat aktivlaridan 10 ta issiqlik elektr stansiyalarini ham sotishni rejalashtirganmiz. Asosiy elektr ishlab chiqaruvchi stansiyalarni qanday xususiylashtirish bo‘yicha mas’ul KPMG kompaniyasi bo‘ldi. Ayni paytda kompaniya bu borada maxsus strategiya ishlab chiqmoqda. Yaqin kunlarda KPMG bu bo‘yicha yakuniy takliflarni beradi va xususiylashtirish jarayoni ham tez orada boshlanadi», – dedi Ortiqov nutqida.

Shuningdek, u dastur doirasida mehmonxonalar va ko‘chmas mulk agentliklari ham sotuvga qo‘yilayotganini qo‘shimcha qildi. UzAutoSanoat uchun zarur uskunalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar ham savdoga chiqarilmoqda.
«Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: UzAuto Motors va Power Train kabi katta korxonalarni sotish jarayoni qanday kechadi? Bu borada General Motors bilan tuzilgan shartnomaga qat‘iy amal qilinadi. Jarayon yuridik konsultantlar tavsiyalari asosida tashkil etiladi.

«2030-yilgacha davlat korxonalarini qisqartirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqilgan. Jumladan, o‘tgan besh yilda 500 ta davlat ishtiroki mavjud korxonalar sotildi. Ikki mingga yaqini esa ayrimlari tugatildi, ba’zilarining faoliyat turi o‘zgartirildi. Hozirda yana 2,2 mingdan ortiq davlat korxonalari bor. Shundan 800 ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash jarayoni boshlangan. 2030-yilgacha qolgan korxonalar sonini ham 6 baravarga qisqartirib, xususiy sektor ulushini 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan», – dedi Davaktiv rahbari.

Ma’lumot uchun, 2021 – 2025-yillar oralig‘ida 47 trillion so‘mga yaqin 8 mingga yaqin davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar sotuviga erishildi. Shuningdek, 2024-yilda auksion orqali qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 4,4 trillion so‘mlik yerlarni xususiy sektorga sotishga erishildi. Joriy yilning o‘tgan besh oyida esa 2,5 trillion so‘mga yaqin yer maydonlari sotuvi amalga oshirildi.
Xususiylashtirilgan kompaniyalar
Avvalroq Kursiv Uzbekistan MobiUz’ni xususiylashtirish boshlangani haqida yozgandi. Jarayon bo‘yicha Rothschild & Co – yetakchi strategik va moliyaviy konsultant, KPMG – moliyaviy va Deloitte – mustaqil baholovchi va kompleks ekspertiza o‘tkazuvchi konsultant sifatida mas’ul qilingan.
Shuningdek, «Avtooyna» MCHJ ustav kapitalidagi 100% davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha 200,5 mlrd so‘mlik bitim imzolangandi.
Aprel oyida O‘zbekistonda 2030-yilgacha davlat ishtirokida yangi korxonalar tashkil etishga moratoriy joriy etilishi haqida yozgandik. Bundan maqsad – nufuzli xalqaro professional konsultantlarni jalb etishdir. Shuningdek, 29 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonaning ustav kapitalidagi aksiyalar (ulushlar) paketlarini ochiq savdolarga qo‘yish rejalashtirilgan.