XDP taksichilik bo‘yicha tartibni bekor qilishni talab qilmoqda

Xalq demokratik partiyasi (XDP) Vazirlar Mahkamasining avtomobil tashish xizmatlariga litsenziyalarni taqdim etish transport vositasining hududiy kodiga qarab berilishi haqidagi qarorini konstitutsiyaga zid deb topib, uni bekor qilish tashabbusi bilan chiqdi.
«Toshkent shahrida yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanishga oid joriy qilingan cheklov keng jamoatchilik tomonidan turli fikr va e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, endilikda har bir haydovchi o‘z hududida va unga tutash hududda taksi faoliyatini amalga oshirishi belgilangan.
Ammo bu tartib O‘zbekiston Respublikasining yangi qabul qilingan Konstitutsiyasining 67-moddasida belgilangan talabga zid kelmoqda.
Konstitutsiyamizga muvofiq, davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi», – deyiladi partiya xabarida.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi transport sohasidagi muammolar yuzasidan Transport vaziriga rasmiy so‘rov yubordi.
Fraksiya vazirdan aniq tushuntirish berilishini so‘ragan va mavjud muammolarni bartaraf etish masalasi bo‘yicha Hukumat soatida deputatlar savollariga javob berish uchun Transport vaziri taklif etilganini ma’lum qilgan.
«Shuningdek, Bosh qomusimizning 42-moddasiga ko‘ra, har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga egaligi nazarda tutilgan.
Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarimiz o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishsizlikdan himoyalanish huquqidan foydalangan hisoblanadi. Va bunday shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda tegishli litsenziya olib, tegishli soliqlarni to‘lagan holda to‘liq qonuniy faoliyat yuritmoqda.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, yo‘nalishsiz taksilar bo‘yicha cheklov joriy qilishga hech qanday huquqiy asoslar yo‘q. Aksincha, konstitutsiyaviy me’yorlarga zid kelayotgan jihatlari yaqqol ko‘rinib turibdi», – deya qo‘shimcha qilgan muxolifat.
Ma’lumot uchun, 2025-yil 1-iyuldan e’tiboran elektron tijorat operatorlari, shu jumladan, tashuvchilarga mijoz topishda yordam beruvchi agregatorlar faoliyati «xabardor qilish tartibi» asosida amalga oshiriladi. Ular maxsus reyestrga kiritiladi va ushbu ro‘yxatni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nega Xalq demokratik partiyasi muxolifatga o‘tgani haqida yozgandi.