
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning go‘yoki «xususiy bog‘chani buzish» topshirig‘i aks etgan video tarqalib, jamoatchilik e’tiborini tortdi. Viloyat hokimligi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 22-may kuni hokim boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro shahridagi 2-sonli davlat bog‘chasida qurilish-ta’mirlash ishlarini o‘rgangan. 1961-yilda qurilgan ushbu bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Hokim qurilishni jadallashtirish va xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan topshiriqlar bergan.
Videodagi «buzib tashla» iborasi bog‘cha hududida noqonuniy qurilgan kirish yo‘lagi haqida aytilgan bo‘lib, xususiy bog‘chani buzish bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Noqonuniy yo‘lak allaqachon bartaraf etilgan. Shuningdek, holat bo‘yicha mas’ullarga intizomiy chora ko‘rilgan.
Hokimlik mazkur holatni noto‘g‘ri talqin qilmaslikka chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda 420,1 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilgan edi.