
Isroil tomonidan yaqinda Eronga uyushtirilgan hujum ortidan, marhum Vladimir Jirinovskiyga tegishli eski video tarmoqlarda tarqaldi. Unda siyosatchi olti yil avval Yaqin Sharqdagi mojaroning rivojini oldindan aytib o‘tgan.
2019-yilda davlat Dumasi majlisida yozib olingan ushbu videoda LDPRning sobiq rahbari shunday deydi:
«Isroil uran boyitish markazlari, balki yadroviy qurollar ishlab chiqarilishi mumkin bo‘lgan obyektlarga zarba beradi».
Keyin uning aytishicha, Eron javob qaytaradi va AQSh mojaroga aralashadi:
«AQSh NATOni safarbar qiladi va Eronga bombardimon boshlaydi. Bu lokal yadroviy zarba bo‘lishi mumkin. Juda dahshatli qurol».
Jirinovskiyning aytgan gaplari tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tez-tez eslanadi, chunki siyosatchi o‘tmishda aytgan ayrim so‘zlari va voqealar keyinchalik haqiqatga mos kelgan holatlar uchraydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron Isroil hujumlarida 95 kishi yaralangani haqida xabar qilgandi. Unga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan soat 16:15 gacha Eronning 12 viloyatida kamida 95 kishi tan jarohati olgan, bir qutqaruvchi halok bo‘lgan.