Farg‘onada elektron doskalar va zaryadlovchi stansiyalar ishlab chiqariladi

Farg‘ona shahrida qiymati $20 million bo‘lgan yangi ishlab chiqarish korxonasi ochiladi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi ma’lum qildi.
Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Janubiy Koreyaning «AHA Co., Ltd» kompaniyasi rahbari Ku Gi Don bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida Farg‘onada qiymati $20 million bo‘lgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi ochilishi rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Loyiha doirasida interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektr transport vositalari uchun zaryadlovchi stansiyalar, sog‘liqni saqlash sohasiga mo‘ljallangan qurilmalar ishlab chiqariladi. Mahsulotlar nafaqat ichki bozorga, balki eksport uchun ham mo‘ljallanadi.
Tomonlar loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, aniq takliflar asosida hamkorlikni kuchaytirish borasida kelishuvga erishdilar. Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Koreya xalqaro universiteti rektori Park Jun Xo ham ishtirok etdi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasi o‘tgan yil noyabr oyida Janubiy Koreyaga amalga oshirgan tashrifi davomida «AHA Co., Ltd.» kompaniyasi bilan hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishgan edi. Bugungi muzokaralar aynan o‘sha kelishuvlar natijasi bo‘lib, endi real amaliy ishlar boshlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘onada Xitoy bilan $20 millionlik IT shartnomalar imzolangani haqida xabar bergan edi.