Lifestyle

iPadkid’lar kimlar va nima uchun ular ko‘pchilikni jiddiy xavotirga solmoqda

U «Alfa avlodi» bolalariga nisbatan ishlatiladi
iPadkid’lar kimlar / Rasm Chatgpt yordamida yaratilgan

So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda iPadkid atamasi keng tarqaldi. Bu so‘z ingliz tilidagi iPad (Apple plansheti nomi) va kid (bola degani) so‘zlarining birikmasidan olingan. Bu atama ko‘proq kichik yoshdan boshlab planshetlar bilan katta bo‘lgan, ya’ni raqamli dunyoda ulg‘aygan «Alfa avlodi» bolalariga nisbatan ishlatiladi. Farzandingizni gadjetlardan qanday qutqarish mumkin? Ushbu maqolada shu haqda bilib olasiz.

Farzandingizni gadjetlardan qanday qutqarish mumkin / Foto: Depositphotos

Alfa avlodi bolalari tug‘ilganidan beri ekran qarshisida ulg‘aymoqda. Multfilmlar YouTube’dan, ertaklar planshetdan, rivojlantiruvchi o‘yinlar esa sensorli ekranda bo‘lgan. Planshet ko‘plab ota-onalar uchun arzon va oson «raqamli enaga»ga aylangan. Natijada bu bolalar uchun ekran real dunyodan ko‘ra tanish va yaqin muhit bo‘lib qolgan.

Foto: Depositphotos

Statistikaga qaralsa:

  • AQShda 3-4 yoshli bolalarning to‘rtdan birida shaxsiy planshet bor.
  • 8 – 11 yosh orasidagi har ikkinchi bola planshetdan doimiy foydalanadi.
  • Hatto 1 yoshli bolalarning yarmi planshetdan foydalanishni o‘zlashtira oladi.

Planshetdan ko‘p foydalanadigan, real hayotdan ko‘ra raqamli olamda ko‘proq vaqt o‘tkazadigan yangi avlod shakllanmoqda. Ular harakatchan, doimo nimadir qilishga shoshiladi. Ammo jismoniy emas – balki ekranni «skroll qilish», o‘yin o‘ynash yoki shunchaki menyuni qarab o‘tirish orqali. Shu sababli «iPadkid» obrazlari internetda memga aylangan.

Foto: Depositphotos

Tiktokda qanday tasvirlanadi?

Ingliz tilidagi TikTokda «iPadkid» videolari 2024-yil o‘rtalarida tarqaldi. Ularda kichkina, ingichka bola qop-qora planshet, yig‘loqi va ko‘zoynak bilan tasvirlanadi. Ular divan ustida emas, balki ostida yoki yerda cho‘zilib yotgan bo‘ladi. Ba’zan o‘zlarini tutolmaydi, jahl qiladi, ota-onasidan yangi o‘yinchoq yoki planshetdagi o‘yinni so‘raydi.

Bu holat kulgili bo‘lib tuyulsa-da, aslida chuqur muammolarga ishora qiladi.

Foto: Depositphotos

Gadjetlar qanday zarar yetkazmoqda?

Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, erta yoshda planshetdan ko‘p foydalanish bola rivojiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi:

  • Diqqatni jamlash va eslab qolish qobiliyati susayadi.
  • Harakat (motorika), muloqot, vazifalarni almashtirish kabi ko‘nikmalar rivojlanmaydi.
  • Bola real muloqotga kam kirishgani uchun so‘z boyligi kambag‘al bo‘ladi.
  • Gapirish o‘rganilmaydi, empatiya (yaqinlikni tushunish) pasayadi.

Ko‘plab bolalarda «virtual autizm» deb ataladigan holat paydo bo‘lmoqda. Bu rasmiy tashxis bo‘lmasa-da, belgilar shunga o‘xshaydi. Ko‘z bilan aloqa qilmaydi, gapirmaydi, yolg‘izlikni afzal ko‘radi, tushunish va his qilishda qiynaladi.

Foto: Depositphotos

Nima qilish kerak?

Gadjetdan foydalanishni to‘g‘ri va sokin uslubda cheklash zarur. Bola bilan tinch ohangda gaplashib, bu zararli odat ekani tushuntiriladi. Masalan, ertalab va kechqurun 20 daqiqadan ijtimoiy tarmoqlarni ko‘rishga ruxsat berish mumkin. Tugashiga bir necha daqiqa qolganda ogohlantirish berilsa, bola stressiz ravishda boshqa ishga o‘tadi.

Bolangizni real hayotga qaytarish uchun quyidagilar yordam beradi:

  • Telefonlarni birgalikda chetga olib qo‘ying va birga vaqt o‘tkazing.
  • Sayrga chiqing, ochiq havoda o‘yinlar o‘ynang.
  • Birgalikda ovqat pishiring, stol o‘yinlari o‘ynang, kutubxonaga boring.
  • Yo‘lda bo‘lsa, planshet o‘rniga «shaharlar o‘yini», «so‘z zanjiri» kabi jonli o‘yinlar o‘ynang.

Agar bola planshetsiz vahimaga tushsa, jahl qilsa yoki o‘ziga yopilsa, bu – jiddiy signal. Bunday hollarda bola psixolog bilan maslahatlashish foydali bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri eng samarali sun’iy intellektlar haqida yozgan edi.