
Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Isroil va Eron Islom Respublikasidagi elchixonalarining rasmiy xabarlariga ko‘ra, ushbu hududlardagi harbiy-siyosiy vaziyat keskinlashib bormoqda. Xususan, raketa hujumlari xavfining ortgani munosabati bilan fuqarolarimizdan hushyorlik va ehtiyot choralariga qat’iy rioya qilish so‘ralmoqda.
Isroil hududida istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga raketa hujumlari vaqtida bombadan saqlanish joylariga zudlik bilan kirish, Isroil hukumati va O‘zbekiston elchixonasi tomonidan berilayotgan rasmiy ogohlantirishlarga qat’iy amal etish tavsiya qilinadi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar va diplomatik vakolatxonalar bilan bog‘lanish ma’lumotlarini doimo olib yurish lozim.
Eron hududida yashayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan ham shunga o‘xshash ehtiyot choralariga rioya qilish so‘ralmoqda. Ayniqsa, hukumat va elchixona tomonidan berilayotgan rasmiy axborotlarni doimiy ravishda kuzatib borish, har qanday favqulodda holatlarda esa elchixona bilan bevosita bog‘lanish zarur.
O‘zbekistonning Isroil va Erondagi elchixonasi bilan qanday bog‘lanish mumkin
Hudud | Telefon raqamlari | Favqulodda holat | Elektron pochta |
---|---|---|---|
Isroil | 03-672-2466 03-672-2371 03-758-5075 03-758-5076 | 054-485-1397 | il.uzembassy@mfa.uz |
Eron (Tehron) | (021) 2229-9780 (021) 2283-2025 | — | iri.uzembassy@mfa.uz |
Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarimizdan hushyorlikni qo‘ldan bermaslikni, rasmiy axborotlarga asoslangan holda harakat qilishni va elchixonalar bilan doimiy aloqada bo‘lishni qat’iy tavsiya etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eron yadro obyektlariga zarba berdi, Eron qat’iy javob qaytarmoqchiligi haqida batafsil yozgan edik.