Yangiliklar

Isroilning Eronga hujumi fonida neft narxi oshdi – energetika bozor xavotirda

10 foizdan ko‘proqqa oshdi
Neft narxlari oshdi. Foto: depositphotos.com

Bugun, juma kuni neft narxi keskin ko‘tarilib, 10 foizdan ko‘proqqa oshdi va so‘nggi besh oy ichidagi eng yuqori darajaga yetdi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Narx oshishiga Isroilning Eronga bergan zarbasi sabab bo‘lib, Yaqin Sharqdagi keskinlik kuchaydi. Bu esa neft ta’minoti uzilishi xavfini kuchaytirdi.

Brent markali neft narxi 10 foizdan ko‘proqqa ko‘tarilib, yanvar oyidan buyon eng yuqori darajaga yetdi. Bu holat energetik resurslarga boy mintaqadan keladigan yetkazib berish zanjirlariga xavf tug‘dirganidan dalolat.

Neft narxining ko‘tarilishi avtomobillarga yoqilg‘i quyishdan tortib, bozordagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxiga qadar ko‘plab sohalarga ta’sir qiladi.

Yevropada savdolar boshlanishi bilan narxlar biroz pasaydi, biroq baribir payshanba kungi yopilish narxiga nisbatan besh foiz yuqoriligicha qoldi. Londonda sotilayotgan Brent neftining bir barreli $72.80, AQShda Nymex fond birjasidagi narx esa $73.20 ni tashkil etdi.

Energetika bozori vakillari Hormuz bo‘g‘oziga zarar yetishidan xavotirda. Ekstremal holatda Eron, Hormuz bo‘g‘ozida joylashgan infratuzilma yoki yuk tashish tizimiga hujum qilib, kuniga millionlab barreldan ortiq neft yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin.

Hormuz bo‘g‘ozi – dunyodagi eng muhim yuk tashish yo‘llaridan biri bo‘lib, jahon bo‘yicha iste’mol qilinadigan neftning taxminan 20 foizi aynan shu yer orqali o‘tadi.

Har qanday vaqtda bu bo‘g‘ozda o‘nlab tankerlar harakatda bo‘ladi. Yaqin Sharqdagi asosiy neft va gaz ishlab chiqaruvchilar energiyani aynan shu yo‘nalish orqali mijozlarga yetkazadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil Eron yadro obyektlariga zarba bergach, Eron qat’iy javob qaytarmoqchiligi haqida yozgandi.