
Nvidia kompaniyasi sun’iy intellekt asosida ishlovchi haydovchisiz transport vositalari uchun mo‘ljallangan Drive platformasining ommaviy ishlab chiqarilishini boshladi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida e’lon qilindi.
Bu tizim avtomobil ishlab chiqaruvchilarga moslashuvchan yechimlar taklif etib, 2+ va 3-darajadagi avtonomlik funksiyalarini – avtomatik yo‘l almashtirish, to‘xtash, xavfsizlik tizimlari va 360° ko‘rish imkonini beradi.
Nvidia vakillari to‘liq haydovchisiz 5-darajadagi avtomobillar hali yaqin o‘n yillikda paydo bo‘lmasligini bildirgan bo‘lsa-da, kompaniya bu yo‘nalishda faol ishlamoqda. Drive platformasi inson omili ishtirokini kamaytirish, xavfsizlikni oshirish va mashinaviy o‘rganish orqali real haydovchi xatti-harakatlarini taqlid qilishga asoslangan.
Yangi tizim sezish, rejalashtirish va boshqaruv funksiyalarini birlashtirgan holda, haqiqiy va sun’iy ma’lumotlarga tayanib, murakkab sharoitlarda ham ishonchli qaror qabul qila oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nvidia aksiyalari moliyaviy hisobotdan so‘ng 141 dollarga ko‘tarilgani haqida xabar qilgan edik.