
Prezidentning 2024-yildagi qaroriga asosan tashkil etilgan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi joriy yildan o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Sport vazirligi ma’lum qildi.
Akademiya sport sohasi bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash, xalqaro standartlarga mos o‘quv va ilmiy-tadqiqot jarayonini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Sport vazirligiga bo‘ysunuvchi davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.
2025/2026-o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlar qabul qilinmoqda. Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionatlarida so‘nggi bir yil ichida g‘olib yoki sovrindor bo‘lgan bitiruvchilar 14 ta sport turi bo‘yicha qabul jarayonida ishtirok etmoqda.
Saralash jarayoni sportchilarning yutuqlari va musobaqalardagi ko‘rsatkichlari asosida seleksiya tamoyiliga ko‘ra amalga oshiriladi. Nomzodlar O‘zbekiston Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari qarorlari hamda bosh murabbiy ishtirokida ko‘rib chiqiladi va Respublika komissiyasi tavsiyasi asosida Davlat qabul komissiyasiga taqdim etiladi.
Talabalarga davlat namunadagi diplom topshiriladi, ular sport sohasidagi kalendar reja asosidagi musobaqalarda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi. Bitiruvchilarga 6 yil amal qiluvchi trenerlik malaka sertifikati bevosita taqdim etiladi. Ular keyinchalik Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilishi va mutaxassisligi bo‘yicha rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilari bevosita ikkinchi bosqichga qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda milliy triatlon maktabi rivojlantirilishi haqida yozgan edik.