Jamiyat

O‘zbekistonda piyoz narxi bir oyda 40% ga tushdi

Ammo o‘tgan yilga nisbatan uch baravar yuqoriligicha qolmoqda
Ammo o‘tgan yilga nisbatan uch baravar yuqoriligicha qolmoqda. Foto: Eastfruit

O‘zbekistonda piyoz narxi bir oyda 40% ga tushdi, ammo o‘tgan yilga nisbatan uch baravar yuqoriligicha qolmoqda. Bu haqda East Fruit xabar berdi.

O‘zbekistonda yangi hosil piyozining ulgurji narxlari may oyining ikkinchi yarmidan boshlab pasaya boshladi va so‘nggi hafta davomida tushishda davom etdi. So‘nggi bir oy ichida narxlar 40% ga arzonlashdi. Bunga bozorga yangi mavsum piyozining asta-sekin kirib kelishi sabab bo‘lgan.

EastFruit tahlilchilarining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi narxlar o‘tgan yilning shu davriga qaraganda uch baravar yuqori bo‘lib, bozor ishtirokchilari narxlar kamida avgust oyigacha yuqori bo‘lib qolishini kutmoqda.

EastFruit narx monitoringiga ko‘ra, 2025-yil 9-maydan 6-iyungacha yangi hosil piyozining o‘rtacha ulgurji narxi 5000 so‘mdan 3000 so‘mgacha (ya’ni $0.39 dan $0.23 gacha) tushgan.

Piyozning 2024-2025-yillardagi narxlari. Grafik: East Fruit

VESAGRO MChJ konsalting kompaniyasi rahbari Urmonali Usmonov fikricha, yaqin haftalarda piyoz narxining o‘tgan yil darajasiga keskin tushib ketishi kutilmaydi:

«Odatda may va iyun oylarida O‘zbekistonda piyoz narxlari pasaya boshlaydi va barqarorlashadi. Bu davrda bozordagi taklif ko‘payadi, chunki aynan shu paytda mamlakat janubida o‘tgan yilning avgust – sentabrida ekilgan o‘rta va kechpishar «avgust» navli qishki piyozlar, shuningdek, markaziy va shimoliy hududlarda erta va o‘rtapishar navlar ommaviy yig‘ib olinadi», – deb aytdi u.

Shu bilan birga, ekspert ta’kidlashicha, bu yil aprel – iyun oylarida yig‘iladigan piyoz uchun ajratilgan ekin maydonlari o‘tgan yilga nisbatan 30 – 40% ga kamaygan. Bu esa ichki bozorda taklif cheklanganligicha qolishini anglatadi va narxlarni ma’lum darajada yuqorida ushlab turadi.

Usmonovning aytishicha, piyoz narxlarida sezilarli tushish avgust oyida kuzatilishi mumkin. Bu davrda o‘tgan yilning noyabr-dekabr oylarida ekilgan piyozlarning ommaviy yig‘imi boshlanadi. Aynan shu hosil uchun ajratilgan ekin maydonlari 2024-yilda 2023-yil darajasida saqlanib qolgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri yuqori talab sababli O‘zbekistonning gilos eksporti qisqargani haqida yozgandi.