Yangiliklar

Rossiyada 772 ming xorij fuqarolari nazorat ostidagi shaxslar reyestriga kiritildi

Huquqiy maqomini tartibga solish bo‘yicha o‘zbekistonliklar ko‘p murojaat qilgan
Мигранты в России
Ichki ishlar organlariga eng faol murojaat qilayotganlar O‘zbekiston fuqarolari. / Foto: Klaus Wright / Unsplash

Rossiyadagi nazorat ostidagi shaxslar reyestrida 3-iyun holatiga ko‘ra 772 mingga yaqin chet el fuqarosi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Bu haqda Rossiya Ichki ishlar vazirligining migratsiya masalalari bo‘yicha bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vitaliy Yakovlev ma’lum qildi, deb xabar berdi TASS.

Ushbu reyestrga Rossiyada qonuniy yashash asoslarini yo‘qotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar kiritiladi. Dastlabki farmon talablari bo‘yicha ular 30-aprelgacha Rossiyadagi maqomini qonunlashtirishi yoki mamlakatni tark etishi lozim edi. Biroq 28-aprel kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu muddatni 10-sentabrgacha uzaytirdi.

«3-iyun holatiga ko‘ra, nazorat qilinadigan shaxslar reyestrida qariyb 772 ming xorijiy fuqaro haqida ma’lumot mavjud. Shu bilan birga, hozirgi kunga kelib, ushbu shaxslarning huquqiy maqomini tartibga solish uchun murojaat qilganlar soni 80 mingdan sal ko‘proqni tashkil etmoqda, bu esa reyestrdagi umumiy sonning 10,5 foiziga teng», – deydi Yakovlev 12-iyun kuni Ashxobodda bo‘lib o‘tgan «Tinchlik, barqaror rivojlanish va migratsiya» xalqaro konferensiyasida.

Yakovlevning so‘zlariga ko‘ra, Ichki ishlar organlariga eng faol murojaat qilayotganlar O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon va Armaniston fuqarolaridir.

«Afsuski, boshqa davlat vakillari kamroq faollik ko‘rsatmoqda va bu bizda katta xavotir uyg‘otmoqda. Prezident farmonining amal qilish muddati tugaganida, ushbu shaxslar Rossiyani tark etishga majbur bo‘lishadi», – deya qo‘shimcha qilgan Yakovlev.

Mazkur konferensiyada Qozog‘iston, Rossiya, Eron, O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston migratsiya idoralari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiya Ichki ishlar vaziri ishsiz migrantlar Rossiyani tark etishi kerakligini ta’kidlagani haqida yozgandi.

Vazir Vladimir Kolokolsevning so‘zlariga ko‘ra, ishidan ayrilgan, oliygohdan chetlatilgan, daktiloskopiyadan o‘tmagan hamda rus tilini o‘rganmayotgan migrantlar mamlakatni tark etishi lozim. Bundan tashqari, u hujjatlarni rasmiylashtirish markazlarida migrantlar to‘planishining oldini olish, ularni o‘z vaqtida qabul qilishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan.