Yangiliklar

Starlink Qozog‘istonda rasman ish boshlaydi

Shu yilning uchinchi choragidan boshlab
Starlink Qozog‘istonda rasman ish boshlaydi. Foto: depositphotos.com

Qozog‘istonning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi SpaceX’ning Starlink kompaniyasi bilan rasmiy kelishuvga erishdi. Kelishuvga ko‘ra, Starlink Qozog‘istonda sun’iy yo‘ldosh orqali internet xizmatlarini taqdim etishda mahalliy qonunchilikka rioya qilishi shart.

Shu yilning uchinchi choragidan boshlab Qozog‘iston fuqarolari Starlink qurilmalarini rasmiy ravishda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu orqali, ayniqsa, olis va qiyin yetib boriladigan hududlardagi maktablar hamda tibbiyot muassasalari yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlanadi.

«Qozog‘iston katta hududli va aholisi tarqoq joylashgan mamlakat. Internetdan sifatli foydalanishni barcha qatlamlarga yetkazish uchun turli texnologik yechimlardan foydalanamiz: optik tolali tarmoqlar, uyali aloqa minoralari va endi – Starlink», — dedi Raqamli rivojlanish vaziri Jastlan Madiyev.

Starlink’ning rasmiy faoliyati qurilmalarni qonuniy ishlatish imkonini beradi. Biroq ulanish shartlari hali aniqlashtirilmoqda. Bu tashabbus prezident Qosim-Jomart Toqayev topshirig‘iga binoan amalga oshirilayotgan «Arzon internet» dasturi doirasida raqamli tafovutni kamaytirish maqsadida ilgari surilgan.

Ma’lumot uchun, 2024-yil dekabrida Qozog‘iston Raqamli vazirligi Starlink, Thuraya, Iridium va Inmarsat qurilmalarini milliy xavfsizlik sababli mamlakatga olib kirishni taqiqlashni taklif qilgan edi. Bu loyiha keng muhokamalarga sabab bo‘ldi va qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarildi. Hozirda bu masala tegishli idoralar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh aviakompaniyalari Starlink xizmatini to‘xtatishni boshlagani haqida yozgandi.