Taksichilikka qo‘yilgan cheklov natijasida 23 ming haydovchi ishsiz qolishi mumkin

O‘zbekistonda taksichilik faoliyatiga hududiy cheklovlar qo‘yilishi natijasida poytaxtning o‘zida 23 ming haydovchi ishsiz qolishi mumkin. Bu haqda Yandex Uzbekistan’ning davlat organlari bilan aloqalar bo‘yicha direktori Sardor Qodirov Telegram kanalida xabar berdi.
«O‘zbekistonda bir millionga yaqin haydovchi bor. Bu – ish o‘rni, barqaror daromad va yuz minglab odamlarning tirikchiligi. 2-apreldan kuchga kirgan yangi tartibga ko‘ra, taksi haydovchilari faqat mashinasi ro‘yxatdan o‘tgan viloyatda yoki unga tutash hududlarda ishlashi mumkin. Ya’ni viloyatdagi taksist Toshkentda ishlay olmaydi. Faqat poytaxtning o‘zida 23 000 haydovchi ishsiz qolishi mumkin», – deyiladi xabarda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xalq demokratik partiyasi (XDP) Vazirlar Mahkamasining avtomobil tashish xizmatlariga litsenziyalarni taqdim etish transport vositasining hududiy kodiga qarab berilishi haqidagi qarorini Konstitutsiyaga zid deb topib, uni bekor qilish tashabbusi bilan chiqqani haqida yozgandi.