Yangiliklar

Xalqaro investitsiya forumi doirasida 30,5 mlrd dollarlik bitimlar imzolandi

TXIF doirasida ilk bor sanoat ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi
Foto: Investitsya vazirligi

Shu yilning 10 – 12-iyun kunlari poytaxtda o‘tkazilgan IV Xalqaro investitsiya forumi (TXIF) yakunida umumiy qiymati $30,5 milliardga teng investitsiya va savdo bitimlari imzolandi. Bu haqda Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.

Forumda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, u Xorijiy investorlar kengashining 3-sessiyasiga raislik qildi.

Shuningdek, tadbirda sakkiz mingdan ortiq delegatlar ishtirok etdi, ulardan uch ming nafari 97 ta davlatdan kelgan xorijiy mehmonlar bo‘ldi. 150 dan ortiq taniqli spikerlar qatnashgan 36 ta panel sessiya tashkil etildi. Forum doirasida ilk bor sanoat ko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.

Ushbu sanoat ko‘rgazmasi 12 ming kvadrat metr maydonda tashkil etilib, 100 ga yaqin mahalliy korxonalar o‘z investitsiya takliflarini taqdim etdi. Forumga har kuni ikki mingdan ortiq tashrifchi kelib, 500 dan ortiq «B2B» va «B2G» uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro investitsiya forumida Boeing’ning Yevrosiyo bo‘yicha tijorat savdolari direktori Mario Antonio Ebchim O‘zbekistonning e-tijorat salohiyati ortib borayotganini ta’kidlagani haqida yozgandi.