Uzbekistan Airways Jidda reyslari jadvalini qayta ko‘rib chiqadi

Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sababli Uzbekistan Airways Saudiya Arabistonining Jidda shahridan ziyoratchilarni olib chiqish bo‘yicha reyslar jadvaliga o‘zgartirishlar kiritadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
«Bizda Haj dasturi doirasidagi Jidda yo‘nalishi bo‘yicha ziyoratchilarni olib chiqish reyslari jadvalida o‘zgarishlar bo‘ladi. Shuningdek, Sharm al-Shayxga (Misr) borish/kelish reyslari bo‘yicha ham jadvalda o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda», – deya izoh berdi Uzbekistan Airways matbuot xizmati.
Aviakompaniya vakillari agar parvoz jadvalida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lsa, yo‘lovchilarga rasmiy sahifalari orqali xabar berilishini ta’kidladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Erondagi vaziyat sababli Toshkent aeroporti bir nechta xalqaro reyslarni qabul qilgani haqida yozgan edi.