Yuqori talab sababli O‘zbekistonning gilos eksporti qisqardi

eʼlon qilindi
Eksport mavsumi 15 – 20-iyun atrofida yakunlanishi taxmin qilinmoqda
O‘zbekistonning gilos eksporti qisqardi. Foto: east-fruit.com

2025-yilgi O‘zbekistondan yangi gilos eksport mavsumi oldingi yillarga nisbatan ancha qisqa — 15 – 20-iyun atrofida yakunlanishini taxmin qilinmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli bir oy oldinroq tugaydi degani, deya xabar bermoqda EastFruit mutaxassislari.

Xabarga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida O‘zbekistondan xalqaro bozorga yangi gilos jo‘natmalari qisqargan va hozirda ichki bozorda eksport uchun mavjud hajmlar juda kam.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu yilgi eksport mavsumi atigi 1-1,5 oy davom etadi. Solishtirish uchun, 2024-yilda gilos eksport mavsumi may boshidan iyul o‘rtalarigacha davom etgan, deya eslatib o‘tadi EastFruit tahlilchilari.

Ispaniyaning PSB Produccion Vegetal kompaniyasining O‘zbekistondagi vakili Farrux Abduxalimov mavsumning qisqarishiga sabab bo‘lgan ikki asosiy omilni ta’kidlaydi:

«Birinchidan, bu yil hosil ancha erta pishdi. Aprel oxiri va mayning birinchi yarmida O‘zbekistonda mavsum uchun g‘ayrioddiy yuqori haroratlar kuzatildi, bu esa gilos hamda boshqa danakli mevalarning pishishini sezilarli darajada tezlashtirdi. Garchi hosilning pishish vaqti erta, o‘rta va kechpishar navlarga qarab farq qilgan bo‘lsa-da, bu barcha gilos turlariga ta’sir ko‘rsatdi.

Ikkinchidan, O‘zbekiston gilosiga xalqaro bozorlar tomonidan nihoyatda yuqori talab bo‘lgani sababli, hosildan keyin mahsulotni sovitkichlarda saqlash muddati oldingi yillarga nisbatan ancha qisqa bo‘ldi. Ko‘pgina tijorat bog‘larida giloslar hali terilmasidan avval eksport uchun shartnomalar tuzib bo‘lingan edi. Natijada meva terilishi bilan darhol jo‘natmalar amalga oshirildi».

Abduxalimovning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda kechpishar gilos navlarining hosili iyun o‘rtalariga qadar yig‘ib olinadi va eksport mavsumi katta ehtimol bilan 15 – 20-iyun kunlari yakunlanadi.

Avvalroq «Kursiv» nashri bozorlarda gilos narxi avvalgi yillarga nisbatan yuqori bo‘lgani haqida yozgandi.

Shuningdek