Eron – Isroil qarama-qarshiligi keskinlashmoqda: so‘nggi tafsilotlar

Eron – Isroil o‘rtasidagi harbiy ziddiyat tobora kuchayib bormoqda. Eron Isroilga qarshi raketa hujumlarining navbatdagi – uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarini amalga oshirdi.
Eron rasmiy agentliklari xabariga ko‘ra, zarbalar orasida Tel-Avivdagi Isroil Mudofaa vazirligi binosi, Dimonadagi yadroviy obyekt va harbiy aviabazalar ham bor.
«Haqiqiy va’da-3» deb nomlangan operatsiya doirasida Eron yuzlab raketalarni, jumladan, gipertovushli raketalarni uchirgan. «Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi» (IRGC) ma’lumotiga ko‘ra, hujumlar Isroil harbiy-siyosiy rahbariyati joylashgan qo‘mondonlik punktlariga, F-35, F-16 va F-15 qiruvchilari saqlanadigan bazalarga, harbiy sanoat obyektlari va boshqa muhim strategik nuqtalarga qaratilgan.
IRNA agentligi Isroil Mudofaa vazirligi binosiga ikki bor raketa zarbasi berilganini xabar qildi. «Rossiyskaya gazeta» ma’lumotlariga ko‘ra, hujum vaqti binoda mamlakat harbiy va siyosiy rahbarlari bo‘lgan. Raketalar portlash va yong‘inga sabab bo‘lgan. Shuningdek, Livan OAVlari Netanyaxuning uyiga ham zarba berilganini bildirdi. CNN manbalariga ko‘ra, Bosh vazir Benyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Yoav Kats boshpana izlab joyini o‘zgartirgan.
VGTRK telekanali Dimonadagi yadroviy obyektning ham Eron tomonidan nishonga olinganini tasdiqladi. Tasnim agentligi esa Eron zarbalari to‘rtinchi to‘lqinga kirganini ma’lum qildi.
Isroil tomoni samolyotlar va harbiy texnika yo‘qotilgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda. Biroq, Isroil rasmiylariga ko‘ra, Eronning ikki hujumi natijasida jabrlanganlar soni 60 kishidan oshgan, ulardan aksariyati yengil jarohat olgan.
Eron BMTdagi doimiy vakili orqali Isroilning amaldagi harakatlarini «urush e’lon qilish» deb baholadi va o‘z zarbalarini «javob chorasi» sifatida izohladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron – Isroil urushi haqida Jirinovskiy olti yil oldin nima degani haqida xabar bergan edi.