Yangiliklar

Fransiyaning MND kompaniyasi Shohimardon turizm loyihasiga qiziqish bildirdi

Foto: Farg‘ona viloyati

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Fransiyaning Montagne et Neige Développement (MND) kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida kompaniya prezidenti Xavier Gallot-Lavallée va MDH davlatlari, Bolqon, Turkiya hamda Pokiston bo‘yicha mintaqaviy savdo direktori Orxan Shirin ishtirok etdi.

Tomonlar Farg‘ona tumanida joylashgan Shohimardon va Yordon qishloqlarida sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni muhokama qildi. Tog‘li hududlarda sayyohlik obyektlarini barpo etishda katta tajribaga ega bo‘lgan MND kompaniyasi hozirda Toshkent viloyatida ham qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya bugungi kungacha 49 ta mamlakatda turizm infratuzilmasiga oid yirik loyihalarni amalga oshirgan.

Shohimardon va Yordon qishloqlarida rejalashtirilayotgan loyiha doirasida sayyohlar uchun arqon yo‘llari, osma ko‘priklar, tomosha maydonchalari va turli attraksionlar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Loyihani amalga oshirish natijasida 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Uchrashuv yakunida tomonlar Farg‘ona viloyatining turizm salohiyatini oshirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda barqaror bandlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat va Suez kompaniyasi o‘rtasida muhim kelishuv nimadan iboratligi haqida xabar bergan edi.